Oxirgi ikki yilda 581 nafar tibbiyot xodimi jinoiy javobgarlikka tortilgan.

70

Bugun, 25 dekabr kuni Bosh prokuraturada Bosh prokuror N.Yo‘ldoshev raisligida Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha Respublika Idoralararo komissiyasining kengaytirilgan yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Prokuratura matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, videoselektor tarzida o‘tkazilgan yig‘ilishda sog‘likni saqlash tizimida korrupsiyaga qarshi kurashish ahvoli va qonuniylikni ta’minlashga doir masalalar muhokama qilindi.

Bosh prokuratura matbuot xizmati

 

Tadbirda komissiya a’zolari, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi, Oliy Majlisi Senati va Qonunchilik palatasi, Vazirlar Mahkamasi, Sog‘likni saqlash vazirligi, Bosh prokuratura mas’ul xodimlari hamda respublika miqyosidagi tibbiyot muassasalari rahbarlari ishtirok etishdi. Joylardan viloyat hokimlarining sohaga mas’ul o‘rinbosarlari, prokurorlar, hududiy sog‘likni saqlash boshqarma va bo‘limlari, tibbiyot muassasalari rahbarlari va tegishli idoralar vakillari qatnashishdi.

Ta’kidlanishicha, 2018 yilda tibbiyot sohasiga 9,3 trln. so‘m ajratilgan bo‘lsa, joriy yilda ajratilgan mablag‘ miqdori 12,1 trln. so‘mni tashkil etgan yoki 30 foizga oshgan. Kelasi yil ham sohaga 2,8 trln. so‘m yoki 23 foizga ko‘p mablag‘ yo‘naltirish rejalashtirildi. Tez tibbiy yordam brigadalari soni 818 tadan 1.666 taga yoki ikki barobarga ko‘paytirildi, 1500 dan ortiq “tez yordam” mashinalari xarid qilindi.

Bosh prokuror o‘z ma’ruzasida, sog‘likni saqlash tizimida korrupsiya eng ko‘p tarqalgan yo‘nalishlar asosan, ishga qabul qilish, byudjet mablag‘larini sarflash, pullik xizmat ko‘rsatish, davlat hisobidan tibbiy yordam olishga orderlar berish, tug‘ruq komplekslarda tibbiy xizmat ko‘rsatish, nogironlikni belgilash, dori-darmon vositalari, tibbiy buyum va jihozlar bilan ta’minlash yo‘nalishlarida uchrayotganligi aytdi.

Yig‘ilishda so‘nggi ikki yilda sog‘likni saqlash tizimidagi 581 nafar xodimlar turli jinoyatlarni sodir qilganligi uchun jinoiy javobgarlikka tortilganligi, 114 nafari sodir qilgan qilmishi korrupsion jinoyat hisoblanishi tanqid ostiga olindi.

Javobgarlikka tortilgan xodimlarning 3 nafari vazirlik markaziy mahkamasida va ixtisoslashtirilgan tibbiyot markazlarida, 49 nafari viloyat hamda 529 nafari tuman-shahar miqyosidagi muassasalarda faoliyat olib borgan.

Hududlar miqyosida, jinoiy javobgarlikka tortilganlar, ko‘proq, Farg‘ona, Andijon, Samarqand, Namangan, Qashqadaryo, Surxondaryo va Xorazm viloyatlari hisobiga to‘g‘ri kelgan.

Bu davrda 115 nafar tibbiyot xodimlari jinoiy beparvolik va e’tiborsizlikka yo‘l qo‘ygan.

Jumladan, 50 ta holatda bemorga malakali tibbiy yordam o‘z vaqtida ko‘rsatmaganligi, 24 ta holatda davolash ishlarini noto‘g‘ri olib borganligi, 13 ta holatda jarrohlik operatsiyasini o‘tkazmaganligi yoki noto‘g‘ri o‘tkazganligi, 7 ta holatda kasallikni barvaqt aniqlash chorasini ko‘rmaganligi uchun ular jinoiy javobgarlikka tortilgan.

Reproduktiv salomatlik, onalik va bolalikni muhofaza qilish, ayniqsa, tug‘ruq komplekslarda yo‘l qo‘yilayotgan tamagirlik va boshqa suiste’molchiliklar uchun 69 nafar tibbiyot xodimlari jinoiy javobgarlikka tortilganligi tanqid ostiga olindi.

Masalan, Bektemir tuman markaziy poliklinikasi shifokori homilador ayolni dispanser ro‘yxatiga kiritish uchun 150 ming so‘m, homilador yana bir ayolni dispanser nazoratiga olish uchun 350 ming so‘m talab qilib, olganligi uchun jinoiy javobgarlikka tortildi.

Samarqand viloyati Perinatal markazi shifokori homilador ayoldan tug‘ruqni jarrohlik yo‘li bilan o‘tkazish evaziga 500 ming so‘m berishni talab qilib, olganda ushlangan.

Toshkent shahridagi 4-sonli tug‘ruqxona shifokori esa homilador ayolning 14 haftalik homilasini abort qilish evaziga 300 dollar olganda fosh etilgan.

FIKR BILDIRING

Iltimos, sharhingizni kiriting!
Iltimos, ismingizni bu yerga kiriting