Tibbiy muassasalar 100 milliard so‘mga yaqin byudjet mablag‘larini o‘zlashtirgan.

196

Avval xabar qilganimizdek, bugun Bosh prokuraturada Bosh prokuror N.Yo‘ldoshev raisligida Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha Respublika Idoralararo komissiyasining kengaytirilgan yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda byudjet mablag‘larining sarflanishi, o‘zaro hisob-kitob va pullik xizmat jarayonidagi tizimli kamchilik va nuqsonlar korrupsiyani keltirib chiqarayotgan asosiy omillardan biri ekanligi ko‘rsatib o‘tildi.

Moliya vazirligi huzuridagi davlat moliyaviy nazorat departamenti tomonidan so‘nggi ikki yilda tekshirish o‘tkazilgan 1.591 ta tibbiy muassasalarining 1.311 tasi yoki 82 foizida moliyaviy qonunbuzarliklar aniqlangan.

Faqat tergov o‘tkazilgan ishlar bo‘yicha bu davrda muassasalarda qariyb 92 mlrd. so‘m byudjet va boshqa mablag‘lar o‘zlashtirilgan. Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurash Departamenti tomonidan Respublika ixtisoslashtirilgan akusher va ginekologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazida o‘tkazilgan o‘rganishda, markaz mansabdor shaxslari so‘nggi 2 yilda 15,3 mlrd. so‘m, shu jumladan, pullik xizmatdan tushgan 13,2 mlrd. so‘m naqd pul bankka topshirmasdan hamda xodimlarning 1,1 mlrd. so‘m ish haqi tarqatmasdan, o‘zlashtirilganligi aniqlangan.

Hozirda ushbu holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, markazning 5 nafar mansabdor shaxslari qamoqqa olingan.

Shuningdek, tibbiyot muassasalarini davlat hisobidan dori-darmonlar,tibbiy buyum va jihozlar bilan ta’minlashda byudjet mablag‘larini samarasiz sovurish, o‘zlashtirish va suiiste’molchilik holatlari tibbiy xizmat sifatini oshirishda ko‘plab muammolarni keltirib chiqarayotganligiga Bosh prokuror alohida to‘xtaldi.

Misol uchun, “O‘zmedimpeks” davlat korxonasi mansabdor shaxslari xorijdan “ampitsilin”, “sefazolin”, “seftriakson” va shu kabi boshqa dorilarni bir necha barobar qimmat narxda sotib olib, 9,3 mln. AQSh dollari va 4 mlrd. so‘m byudjet mablag‘larini talon-toroj qilgan.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Sog‘likni saqlash vazirligi mansabdor shaxslari 1,8 mlrd. so‘mlik dori vositalarini qimmat narxda xarid qilib, byudjet mablag‘larini talon-toroj qilinishiga yo‘l qo‘ygan.

Mazkur holatlar yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov o‘tkazilmoqda.

FIKR BILDIRING

Iltimos, sharhingizni kiriting!
Iltimos, ismingizni bu yerga kiriting