«Abdurasul Vahabov qonun oldida javob berishi shart» — Jurnalistlar ijodiy uyushmasi.

234

O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi Olmazor tumani hokimining arxitektura, kapital qurilish va kommunikatsiyalarni rivojlantirish bo‘yicha o‘rinbosari Abdurasul Vahabovni Kun.uz xodimlariga davlat organi xodimiga xos bo‘lmagan tarzda muomalada bo‘lgani, bu bilan cheklanmay, ijodiy jamoa xodimlaridan videotasvirga olmaslikni talab qilib, operatorga tashlangani, tahririyatga tegishli texnik vositani sindirib tashlaganini keskin qoralaydi.

Mamlakatimizda matbuot va so‘z erkinligi, davlat hokimiyati organlari faoliyati ochiqligini ta’minlashga jiddiy e’tibor qaratilayotgan, davlatimiz rahbarining shaxsan o‘zi jurnalist va blogerlarni har jihatdan qo‘llab-quvvatlashga alohida e’tibor qaratib turgan bir paytda Olmazor tumani hokimi o‘rinbosarining bu xatti-harakatini qanday tushunish kerak.

Shu o‘rinda ta’kidlash joiz, «Jurnalistlik faoliyatni himoya qilish to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi qonunida jurnalist jurnalistlik faoliyatini amalga oshirish chog‘ida shaxs daxlsizligi kafolatidan foydalanishi ko‘rsatib o‘tilgan.

E’tiborli jihati, A. Vahabovning Kun.uz ijodiy guruhiga birinchi marta tajovuzi emas. U shu yilning yanvar oyida ham ko‘pchilik oldida tasvirchiga tashlangan.

Bu kabi illatlar ommaviy axborot vositalari vakillari – jurnalistlar erkin faoliyat yuritishi ta’minlanishiga putur yetkazib, ochiqlik siyosatiga, mamlakatimiz taraqqiyotiga rahna soladi. Shunday ekan, Olmazor tumani hokimi o‘rinbosari Abdurasul Vahabov qonun oldida javob berishi kerak va shart.

O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi tegishli idoralar – mazkur masalaga mas’ullardan tezkor choralar ko‘rilishini va bu haqda OAV vakillariga ma’lumot berib borilishini so‘raydi.

FIKR BILDIRING

Iltimos, sharhingizni kiriting!
Iltimos, ismingizni bu yerga kiriting