O‘zbekistonda to‘y va marosimlarni o‘tkazishda ba’zi udumlardan voz kechildi.

98

2020 yilning 1 yanvaridan O‘zbekistonda to‘y va marosimlarni o‘tkazish tartibi bir muncha o‘zgardi. Bu haqda O‘zbekiston Oliy majlisi senati axborot xizmati ma’lum qildi.

Xabarga ko‘ra, 1 yanvardan to‘ylar, oilaviy tantanalar, ma’raka va marosimlar faqat bir kun (dafn etish marosimi bundan mustasno) soat 06:00 va 23:00 oralig‘ida o‘tkaziladi. Soat 23:00 dan keyin to‘ylar, oilaviy tantanalar, ma’raka va marosimlarni davom etishiga yo‘l qo‘yilmaydi.

Ushbu marosimlarda 200 nafargacha, mazkur tadbirlar munosabati bilan osh berish marosimida 250 nafargacha kishi qatnashadi. Qo‘shaloq to‘ylarda esa 250 kishi, u bilan bog‘liq osh berish marosimida 300 kishi qatnashishi mumkin.

Dafn etish va motam marosimlari ko‘pi bilan uch kun mobaynida cheklanmagan miqdorda kelim-ketim ta’minlanishi mumkin. Ammo osh berish marosimi bundan mustasno. Shuningdek, to‘y o‘tkazuvchi shaxslar to‘ydan kamida bir hafta oldin yashash joyidagi fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlarini xabardor qilishi shart.

Bundan tashqari nikohni qayd etish, kelin-kuyovning to‘yxonaga kelishi va ketishi bilan bog‘liq marosimlarda 3 tadan ko‘p bo‘lgan yengil avtomashinaga ruxsat etilmaydi. Jamoat xavfsizligiga tahdid soluvchi boshqa transport vositalari ham shu jumlasidandir.

Qolaversa, shuhratparastlik, dabdababozlik va isrofgarchilikka yo‘l qo‘yilmaydi.

Milliy an’analar va odob-axloq qoidalariga zid bo‘lgan turli shoular, ortiqcha vaqt va xarajat talab qiladigan to‘ylar, — «kelin navkari», «chorlar», «ota ko‘rdi», «sep yoydi», «quda chaqirdi», «kuyov chaqirdi», «kelin chaqirdi», «tog‘ora yuborish», «pul sochish» kabi marosimlardan ham voz kechildi.

Shu qatorda dafn etish va motam marosimlari bilan bog‘liq «yetti», «payshanbalik», «yigirma», «qirq», «yil oshi», «pul tarqatish», «mato ulashish» kabi ortiqcha tadbirlar o‘tkazilishi mumkin emas.

FIKR BILDIRING

Iltimos, sharhingizni kiriting!
Iltimos, ismingizni bu yerga kiriting