«Hokim haqorat qilsa isbotlanmaydi yoki kechirim so‘raladi, fuqaro tanqid qilsa ham qamaladi»

36

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Rasul Kusherbayev bloger Otabek Nuriddinov ishi va Andijon viloyati hokimiligi matbuot xizmati bayonoti bo‘yicha o‘z munosabatini bildirib o‘tdi.

«Otabek Nuriddinovning mas’ullar ishini tanqid qilgani uchun Asakadagi bir guruh mansabdorlar tomonidan o‘zaro til biriktirib jazolatgani yana ham oydinlashmoqda.

Shu o‘rinda Andijon viloyati hokimiyati matbuot xizmati tomonidan o‘ta noxolis, ishonchsiz va bir yoqlama tayyorlangan bayonotni ko‘rib chiqib, ularga quyidagilarni eslatmoqchiman.

Birinchidan, fuqaro-bloger ishlatgan xaromi, degan so‘z haqoratga kirmaydi. Bu Farg‘ona misolida o‘z isbotini topgan.

Ikkinchidan, bir fuqaroning ortidan poylab qadamma-qadam yurib, materiallar to‘plash IIB xodimi uchun pastkash ish. Men bilgan “forma“ kiyganlar mard va oliyjanob, eng muhimi haqiqiy erkak kishilar. Hali ham bu fikrimda qolaman: ularga pastkashlik yarashmaydi.

Uchinchidan, fuqaro-bloger ustidan arz qilganlar ushbu fuqaro tomonidan tanqidga uchragan shaxslar bo‘lgani bois, bu ishni ko‘rib chiqib, qaror qabul qilinishida xolislik bo‘lmagan, deb o‘ylayman. Aylanib ham o‘rgilib ham fuqaro mas’ullarning faoliyatini tanqid qilgani uchun jazolangani faktligicha qolyapti. Bu fuqarolik jamiyatini rivojlantirish yo‘lida juda yomon signal.

To‘rtinchidan, qonunlarni amalga tatbiq qilishda tenglikka rioya qilinmay mansabdorlar uchun o‘ta yengil yondashuv, fuqaro uchun o‘ta og‘ir yondashuv bo‘lmoqda. Hokim haqorat qilsa isbotlanmaydi yoki nari borsa kechirim so‘raladi, fuqaro haqorat emas, tanqid qilsa ham qamaladi.

Beshinchidan, eng yomoni uyushtirilgan shu ishni ko‘rib chiqib, adolatli qaror qabul qilish imkoni bo‘lgan sud ham adolatsizlik qilib, O‘zbekiston nomidan bir fuqaroni fikr bildirgani, tanqid qilgani va o‘zining fuqarolik pozitsiyasini namoyon qilgani uchun jazolagan. Essiz, zo‘ravonlik asli biz suyangan, ishongan, mustaqil qilamiz va taqdirimizni ishonamiz, degan dono sud orqali qilinmoqda. Hayf bo‘lsin.

Bundan chiqdi vaziyatdan kelib chiqib, fuqaro sifatida konstitutsiyaviy huquqimdan foydalanib bildirgan tanqidiy fikrlar uchun ham meni sud qarori bilan jazo kutmoqdami?

So‘nggida aytar so‘zim: Asaka mas’ullari hayf sizga, siz adolatsiz, tanqidni ko‘tara olmaydigan, davlat rahbari namuna bo‘lib olib borayotgan ochiqlik yo‘lidagi islohotlarni tushunmaydigan, o‘z o‘rniga nomunosib shaxslar ekansiz. Yaxshisi o‘rningiz xalqparvar, adolatli, davlat rahbarining siyosatini to‘g‘ri anglab qo‘llab quvvatlaydiganlarga bo‘shatib bering!“

FIKR BILDIRING

Iltimos, sharhingizni kiriting!
Iltimos, ismingizni bu yerga kiriting