Abdilamit Matisakov. Tog‘lik qiz (hikoya)

32

U qo‘shiqchi emas. Yoshlar to‘plangan kechalarda qo‘shiq aytib ber, degan qistovga «Qo‘shiq aytishni bilmayman, bilganimda, aytgan bo‘lardim. Uning o‘rniga ko‘rgan-bilganlarimdan qiziqrog‘ini so‘zlab beraman», – deb qutilib qoladi. Lekin yolg‘izligida to‘rt qator she’rni sekin xirgoyi qilib yuradi.
Asman bizning qo‘shnimiz. O‘ttizga chiqib qolganiga qaramay, menga o‘zining tengquriday muomala qiladi. Uyidagilar uylanish haqida gapirishsa, o‘rnidan turib, indamay chiqib ketadi. Odatimga ko‘ra, bo‘sh paytimda qo‘shnimiznikiga kirdim. Qish kuni qisqa bo‘ladi. Yog‘och so‘rida to‘shak qavib o‘tirgan Asmanning onasi meni ko‘rib:
– Kel, yuqoriga o‘t, avvallari tez-tez kelib turarding, keyingi paytlarda ko‘rinmay ketding. Enang «belim» deb yurgandi, tuzalib ketdimi? – dedi yumushini to‘xtatib.
– Shukr, kirib-chiqib yuribdi.
– Iloyim, shunday bo‘lsin. Xasta bo‘lsa ham, boshingizda turgani katta davlat. Sizlarni ne-ne azoblar bilan ulg‘aytirdi. Endi qo‘li ishdan bo‘shab, kelin tushiradigan vaqtida qumga boraman, davolanaman, deydigan bo‘ldi.
– Hozir yo‘llanma yo‘q ekan, kelasi yil boradilar…
– Borsin. Qumning issig‘i kasaliga davo bo‘lishi mumkin.
U qo‘lidagi ninasini boshidagi ro‘moliga sanchib, to‘shakni ikki buklab, tizzasiga tortdi.
– Qish kuni odamni zeriktiradi. Bekor o‘tirmasdan, buni qavib qo‘yay dedim. Bitirolmayapman.
Boshidagi ninani paypaslab topib, unga ip o‘tkazdi:
– Qani, gapir, akangni uylantiramiz deyishyaptimi? Yoki Asmanga o‘xshab u ham xotinsiz o‘taman deydimi? Hozirgi bolalar ham qiziq-da…
– Bilmadim, akam o‘qishga boraman deb yuribdi.
– Uni qara-ya, hali o‘qishni ham qoyillatib qo‘ysa kerak, maktabni zo‘rg‘a bitirdi deb aytishgandi.
Gapning chuvalashib ketishini istamay, so‘zini bo‘ldim:
– Asman og‘am uydami?
– Uyda emas, molxonada xashak qirqyapti. Sog‘inib qolgan bo‘lsang, bor, lekin bugun kayfiyati yo‘qroq… Qish kunida molga qarash qiyin. Bunisini tutsang, unisi qoladi…
Molxona tomonga yurdim. Asal opaning keyingi gaplarini yaxshi eshitolmadim.
Eshikdan enkayib kirib, bo‘sag‘ada turib qoldim. Ichkari qorong‘i bo‘lgani uchun ko‘zim hech nimani ilg‘amadi. Bir ozdan keyin mol boylanadigan qoziq bilan oxur ko‘rindi. Yolg‘iz ko‘zli darchadan tushgan g‘ira-shira yorug‘lik tufayli burchakda xashak maydalab turgan Asmanning qomati ertakdagi alpning sharpasiga o‘xshab ko‘rindi. U qo‘lidagi bolta bilan tog‘ pichanini bir tekis qirqib, o‘sha qo‘shig‘ini xirgoyi qilyapti. Meni payqamadi. Bolta ovozi tufayli yaxshi eshitilmasa-da, qo‘shiq so‘zlari menga tanish edi:

O-o, Ko‘kbelga chiqib qarasam,
O-o, ko‘rinadi Shangxol qal’asi.
O-o, bir ko‘rinib yo‘q bo‘lgan,
O-o, sen yurakning davosi…

Qo‘shiqni buzgim kelmadi. Uni tinglab, Asman o‘sha mungli, sirli satrlar to‘qilgan lahzalar xayoli bilan yashayotganini sezdim. Tashqariga chiqib, qizarib botayotgan quyosh nurlaridan ko‘zim qamashib, uzoq turib qoldim. Molxona ichidan chiqayotgan bolta ovozi Asmanning qo‘shig‘iga jo‘r bo‘layotganday edi.
Onasi qavib bitirgan to‘shagini so‘ridan yig‘ishtirib ketibdi. O‘rnida qiyqimlar qolibdi. Bu gal Asman bilan gaplashmaganimga o‘kinmadim. Qo‘shig‘i ham menga yod bo‘lib qolgandi. O‘zimcha uni xirgoyi qilaman…
…Atigi to‘rt qatordan iborat bo‘lgan qo‘shiqning pinhoniy sirini keyinroq Asmanning o‘zidan eshitdim.
Barakasini to‘kib ulgurgan qo‘ng‘ir tusli kuz fasli kirib kelgan bo‘lsa ham, hali ko‘pchilik yaylovdan qaytmadi. Asman otasidan ruxsat olib, qishloqqa tushdi. Yolg‘iz yashaydigan xolasining uyida o‘rim-yig‘im ishlariga qarashib, ikki kun turib qoldi. Xolasi bilan olmalarni qoqib, qishda saqlash uchun qalin to‘shalgan somon orasiga terib chiqishdi. Ertasi yo‘lga otlandi.
Yo‘l yiroq… Atrof kimsasiz qir-adir. Dovon etagida ko‘ringan eshak mingan odam va otliqqa ko‘zi tushib, ertalabdan beri o‘zini qiynab kelayotgan yolg‘izlikni unuta boshladi. Ular yaqinlashavergach, oldindagisi ellik yoshlardan oshgan ayol, orqaroqda kelayotgani esa yengil shamolda ham uchib ketadiganday nozikkina, o‘n sakkiz yoshdagi qiz ekani ma’lum bo‘ldi. Asman tizginni bo‘shatib, qizni bir sidra ko‘zdan kechirdi. Uning egnida onasi kiydirgan yangi ko‘ylak, boshida oq durra. Eshak ortidan kelayotgan otning yurishiga qarab odimlaydi. Ayol ortiga o‘girilib gapiradigan bo‘lsa ham, qo‘lidagi qamchisini ko‘tarsa ham, bir maromda sekin yo‘rg‘alaydi.
Bir oz naridagi yo‘lni kesib oqadigan tog‘ bulog‘i Asmanning yodiga tushdi. Buloq yorilgan qoyatosh orasidan sizib chiqib, sal narida bilakday suvga aylanib, yog‘och nov orqali yo‘lni kesib oqardi. Ungacha masofa yaqin edi. Tezroq yurib, ularni o‘sha yerda kutmoqchi bo‘ldi. Buloqqa yetib otdan irg‘ib tushgan Asman suvliqni chiqarib, muzday suvga qo‘lini yuvdi. Yaqinlashib qolgan ikki ayoldan nigohini uzmay turdi. Buloq yonida qiz oldinga o‘tdi, otdan tushib, eshakdan tushmoqchi bo‘lgan ayolga ko‘maklashdi. Qiz ro‘parasida turgan Asmanga qiziqsinib bir qarab qo‘ydi-da, ayolga so‘z qotdi:
– Opa, ovul yaqin qoldi. Shoshmasdan yuraveraylik. Ot ozgina o‘tlasin. Ungacha namozingizni ham o‘qib olasiz. – Qizning ovozida bir oz sarosimalik va hayajon sezildi.
– Yo‘q, Jarqinoy, shoshilish kerak. Bugungi namozni o‘qib tugatdim. Bizni kutib turishibdi-ku. Qudalarning va’dasi kecha edi. Qorong‘i tushmay yetib borganimiz yaxshi. Oting suv ichib olsa bo‘ldi-da, qizim…
Ayol semiz, qizil yuzli, lablari bir-biriga tegib-tegmasa ham, keskin gapiradigan ekan. Eshakka minayotib, Asmanga ko‘z qirini tashladi-da, atrofida hech kim yo‘qday, etagini ko‘tarib, egarga mahkam o‘rnashdi. Asman bezovtalandi. Qiz unga tikildi. Asmanning nazdida ayol tilidan bol tomib, qizni avrayotgan yosuman kampirga o‘xshab ko‘rindi.
– Opa, otimning ayili bo‘shab qolibdi. Olis yo‘lga chiqsang, shoshilmay yur, deb o‘zingiz aytgansiz, – dedi-da, qiz Asmanga o‘girildi. – Og‘a, otning ayilini tortib berasizmi?
Yigit tushundi. Uning ko‘nglidagini sezgan qiz Asmanning nigohiga dosh berolmay, uyalib yerga qaradi. Keksa ayol buni sezib:
– O-o, sadag‘ang bo‘lay, bolam, shunday qil. Yaxshilab tortib ber. Yo‘limiz yiroq… Qayerdansan? Tanishga o‘xshaysan. Eldan olisda yurib, ovulning bolalarini ham tanimay qolyapman. Bu ham qarilikning alomati bo‘lsa kerak? – deb jim qoldi.
Asman otning chilvirini qizga tutqazib, egar-to‘qimni o‘nglab, ayilni shoshilmay mahkam qilib tortdi.
– Toqqa ko‘p bozorlik olganga o‘xshaysiz. Qanday katta olmalar! – Qizning porlagan nigohi xurjun emas, yigitga qadaldi.
– Yo‘-o‘q, bu bozorlik emas. Ovuldan berishdi. Xolamning olmasi. Inilaringga olib bor dedilar. – Yigit shoshilganidan gapini davom ettirolmadi. – Ol, yo‘lda ermak bo‘ladi. – Xurjunning ko‘zidan bir necha olma olib qizga uzatdi.
– Qo‘y, bo‘tam, bizga ozginasi yetadi. Toqqa olib bor! Biz olmaning o‘ziga boryapmiz! – dedi ayol.
– Bu olma senga, qarindoshim! – Asman ayolning gapini eshitmaganday, ko‘zni yashnatuvchi katta qirmizi olmani Jarqinga uzatdi.
Qiz gapni boshlab qo‘yib, keyin shoshilib qoldi. Nima qilishini bilmay, qo‘lidagi olmani aylantirib tomosha qila boshladi. Yuzi qizarib, avvalgidan ham suluv bo‘lib ketdi.
– Rahmat…
Asman qizning tirsagidan tutib, otga mindirdi. Egarga o‘tirib, tizginni qo‘liga olgan qiz Asmandan nigohini uzib keta olmadi. Ikki yurakda tug‘ilgan his-tuyg‘ulardan hayajonlangan yigit va qiz jim qolishdi. Ayol bu yerdan tezroq ketishni istadi. Eshagining boshini yo‘lga burayotib:
– Yaxshi yetib ol, yigit. Qayerda turasizlar? Anovi yaylovdami? Biz undan nariroqdanmiz. Qani, Jarqin, endi «chu» degin. Jonivor ham yaxshigina dam oldi.
Qiz xumor ko‘zlarini ortidagi tog‘larga qadadi.
– Men tog‘likning qiziman. Tog‘da tug‘ilib, tog‘da ulg‘aydim. Siz ham tog‘likmisiz? – Uning ko‘zlarida tog‘larga bo‘lgan mehr sezilib turardi.
– Biz toqqa yozdagina kelamiz. Meni ham tog‘likning o‘g‘li deyishadi! – dedi Asman.
Chindan ham shunday edi. Qiz o‘zini eshitmaganga soldi. Tog‘lardan ko‘ngil uzolmay, tog‘lik yigitning yonidan ketgisi kelmay qoldi.
– Tog‘lar juda ham chiroyli, shunday emasmi?! Undan uzoqlashib boryapman. Bolaligim o‘tgan joylarga qaytib kelamanmi-yo‘qmi, bilmadim… Tushlarimga kirarmikin? – Qiz xo‘rsindi. Ko‘zida qalqigan tomchi ot yoliga tomib ketganday bo‘ldi. Asman uning chilvir tutgan qo‘lini sekingina siladi. Qizning qo‘li qattiq va iliq edi.
– Yaxshi borgin, tog‘liklar ot ustida va yo‘lda yig‘lashmaydi. Yiroq ketsa ham, tog‘ni sog‘inishadi. Biz yaqinda qishloqqa ko‘chamiz. Seni izlab topaman. Keyin tog‘larga birga kelamiz.
Qiz boshini ko‘tardi, ko‘zlarida yosh ko‘rinmadi.
– Yo‘q, jon og‘a, bizning yo‘limiz hech qachon kesishmaydi… Yaxshi qoling, – deb otning boshini burib, unga qamchi bosdi.
Eshak ustida o‘tirgan ayol qizga norozi bo‘lib qaradi-da, tizginni bo‘shatdi. Sal naridagi burilishda qizil ko‘ylak lip etib ko‘zdan g‘oyib bo‘ldi. Atrof bo‘shab qoldi. Xayoli qochgan Asmanning qo‘lidan chilvir yerga tushdi. Ot egasidan olislamay o‘t chimdib, har zamonda boshini ko‘tarib, sekingina pishqirib qo‘yardi.
Asman o‘zining so‘zini esladi: «Tog‘liklar»… U otiga chaqqonlik bilan sakrab minib, buloqning etagidan kechib o‘tgach, jonivorga qamchi bosdi. Qarshisidan esgan tog‘ shamoli badanini junjiktirib, ko‘zidan yosh chiqazdi.

Qirg‘iz tilidan Avliyoxon Eshon tarjimasi

FIKR BILDIRING

Iltimos, sharhingizni kiriting!
Iltimos, ismingizni bu yerga kiriting