Avetik Isaakyan. Bolakay va oftob (hikoya)

45

Ozib-to‘zigan, juldirgina kiyingan sag‘ir bolakay muhtasham bir uyning devoriga suyanib o‘tirgan ko‘yi o‘tib-qaytayotgan yo‘lovchilarga kir-chir qo‘llarini cho‘zib, tilanayotgandi. Bu mitti boyaqishginaning yonidan o‘tib ketayotgan odamlarning birortasi qiyo boqmas, uning zorlanib sadaqa so‘rayotganiga hech kim parvo ham qilmasdi.
Bolakay uzzukun loqayd, ko‘ngli qattiq odamlardan tilanaverib, charchadi. Nihoyat qosh qoraydi. Oftob cho‘kib, sovuq tushdi. Bolakay jon-jonidan o‘tib ketgan sovuqqa chidayolmay, osmonga tikilgan ko‘yi lablari qimirladi:
— O, oftobjon, kuni bilan nuringni sochib, tanimga issiqlik bag‘ishlarding, endi qayerga g‘oyib bo‘lding? Bu qop-qorong‘u va sovuq tunda meni nega yolg‘iz qoldirib ketyapsan? Men ota-onasi yo‘q bir yetimcha bo‘lsam, tunashga boshpanam ham bo‘lmasa? Shu tobda qayerga boraman? Kimdan madad so‘rayman? Qayta qol, meni o‘z bag‘ringga ol, oftobjon…
U shu ko‘yi junjikib, g‘ujanak bo‘lib o‘tirib oldi. Xo‘rligi kelib, yig‘ladi. Ko‘zlaridan sizilgan yosh yuzlariga tomdi. Qayergadir shoshib ketayotgan, o‘tib-qaytayotgan odamlar esa o‘z tashvishu qayg‘ulariga bandi bo‘lib, loaqal bir bor ham bu bolakayga qayrilib boqishmas, uning nolayu zorini eshitishmasdi.
Quyosh batamom cho‘kib, eng so‘nggi zarralarini ham taratib bo‘ldi.
— Oftobjon, bilaman, sen ham uyingga qaytding, o‘z onang bag‘riga. Sening uyingni men bilaman, hu anavi tog‘ ortida. Agar o‘sha yoqqa borsam, meni uyingga kiritasanmi, quvib solmaysanmi?- Bolakay shunday deya tizzalariga kaftlarini qo‘yib, qaddini rostladi, kiyimini qoqib, chang-garddan xalos etdi. U ayni dam bir maqsadni ko‘zlagandi. Quyosh yashiringan tog‘ tomon shaylanib, qadamlarini bosdi. Sovuq uning yuz-ko‘zlariga, badaniga ninasini sanchib, dildiratsa ham, qorong‘u tun yuragiga vahm olovini qo‘zg‘atsa ham yurishdan to‘xtamadi. Yura-yura shaharni ortda qoldirib, toq etagiga yetib keldi. Endi bir yo‘l qolgandi: amallab tog‘ning tepasiga chiqib olsa, bas, marra uniki. Uning yuragida bo‘y cho‘zayotgan umid so‘nmagandi. Bolakay baland tog‘ning toshlariga tirmashib, goh emaklab, goh oyoqlari, qo‘llarini qonatib, balandlikka chiqa boshladi. To‘xtamadi.
Tun o‘z qanotlarini tog‘ bag‘riga yoyib olgandi. Bir mahal bolakay cho‘qqi ustida yulduzlar miltillayotganiga, cho‘g‘lar sachralib, osmon bag‘rini yorib, nur sachratayotganiga, bu juda tez, ko‘z ilg‘amas lahzada sodir bo‘layotganiga va takrorlanayotganiga guvoh bo‘ldi. Shamol ham kuchayib borayotgandi. Darada xuddi birov hushtak chalayotganga o‘xshab tuyulardi. Ko‘rshapalaklar esa qanotlarini qoqib, bolakayning shundaygina ko‘zlari oldidan uchib o‘tishar, biroq bularning bari bolakayning o‘z maqsadi sari dadil harakatlanishiga to‘siq bo‘la olmas edi. U tobora balandlikka ko‘tarilaverdi. Bir payt esa kutilmaganda allaqanday it vovullab, uning yuragi orqasiga tortib ketdi. Shu asno ovoz ham eshitildi:
— Kimsan, qayerga tirmashib ketyapsan?
Bolakay bu ovoz shu yaqin atrofda yashayotgan biror bir odamniki ekanligini angladi va tezda javob berdi.
— Men oftob oldiga boryapman. Siz uning uyini bilmaysizmi?
Bolakay oldiga bir qo‘lida kamon, birida mash’al ushlagan basavlat o‘rta yoshlardagi erkak yaqinlashdi.
— Oftob oldiga shoshyapman, degin, -mayingina tovushda so‘radi erkak, -menga qara o‘rtoq, buguncha yetar, charchagan ko‘rinasan, qorning ham ochgandir, yur menikiga?! Nima ota-onangga aytmay yolg‘iz o‘zing chiqdingmi?
— Mening na otam, na onam bor. Uyim ham yo‘q,-xo‘rsindi bolakay.
— Qo‘y, xafa bo‘lma, yur menikiga, -oqko‘ngil erkak shunday deya bolakayning qo‘lidan tutib, qo‘nalg‘asi tomon boshladi. Bir oz yurishib kichkinagina kulbaga yetib kelishdi va ichkariga kirishdi. Bir ayol uch bolasini o‘ynatib o‘tirardi. Shu tob tashqaridan qo‘ylarning ovozi ham eshitildi. Bolakay sezdi. Tog‘ bag‘rida kulba solgan odam cho‘pon ekan.
— Mana bolalarim uch nafar edingiz, endi bugundan boshlab to‘rttasiz. Bu bolakay sizlarga aka bo‘ladi. U biznikida yashaydi,-nogahonda qarorini aytdi oqko‘ngil cho‘pon hamon qaltirab-qaqshanayotgan boyaqishni o‘z bolalariga tanishtirarkan.
-Xush kelibsan, o‘g‘lim,-cho‘ponning xotini ham bolakayga bag‘rini ochdi, mehri tovlandi. Bolalar yugurib kelib, o‘z «aka»larini quchoqlab olishdi. Bechora aka suyunganidan ko‘zlaridan yosh tirqirab chiqdi. Mehribon ayol oila a’zoligiga qo‘shilgan bolakayning cho‘milishi uchun issiq suv hozirladi, so‘ng dasturxon tuzab, non, sut, go‘sht keltirdi. Bolakay o‘zida yo‘q xursand edi. Axir u nafaqat boshpana, ota-ona, hattoki, uch nafar ukalik ham bo‘lgan edi-da… Endi uning ust-boshi toza va issiq, qorni to‘q, yuragi mehr-muhabbatga limmo-lim oqko‘ngil odamlar yonida…
Bolakay top-toza, yumshoq, ohorli to‘shakka cho‘zilgan on ko‘zlari yumilib, uyqu komiga tortdi. Tush ko‘rdi. Tushida tabassum qilib turgan emish, yonida oftob ham bor emish. Uning bir qo‘lini mahkam qisib turgan emish.
Bolakay uyg‘ongan zamon tushining mag‘zini chaqdi va o‘z-o‘ziga dedi:
— Men oftobni topdim. Topdim.

Umid Ali tarjimasi

FIKR BILDIRING

Iltimos, sharhingizni kiriting!
Iltimos, ismingizni bu yerga kiriting