Mast holdagi fuqaro ichki ishlar organlari xodimining xizmat vazifasini bajarishga toʼsqinlik qildi.

113

Yurtimizdagi barcha davlat tashkilotlari xodimi xalqimiz farovonligi, ularning huquqlari va qonuniy manfaatlari ustuvor boʼlishini taʼminlashga xizmat qilmoqda. Soʼzimiz davomida qonuniy manfaatlar ustuvorligi degan soʼzni ishlatganimiz bejiz emas. Boisi ayrim yurtdoshlarimiz ularga boʼlayotgan hurmat, eʼtibor va koʼmaklarni suisteʼmol qilgancha, qonunbuzarliklarga yoʼl qoʼyib, davlat tashkilotlari xodimlari bilan qoʼpol munosabatda boʼlmoqda yokiularga qoʼl koʼtarib, tan jarohati yetkazmoqda. Natijada esa bu kabi fuqarolar qonun oldida javob berishlariga toʼgʼri kelmoqda.

Shu kabi holat 2019 yilning 17 avgust kuni Navoiy viloyatida ham yuz bergan. Xususan, Shu kuni soat 19:10 larda Navoiy viloyati Ichki ishlar boshqarmasi YHXB inspektori Navoiy shahar, I.Karimov koʼchasi boʼylab harakatlanib kelgan, davlat raqam belgisi 85 971 SAA boʼlgan “Kobalt” rusumli avtomashinani piyodaga yoʼl bermaganligi uchun toʼxtatib, haydovchidan avtomashinani boshqarish huquqini beruvchi hujjatlarini taqdim etishini soʼragan, ammo haydovchi Jasur Sayitovda mazkur avtomashinani boshqarish huquqini beruvchi tegishli hujjatlari boʼlmagan. Shu sababli, inspektor qonuniy tartibda haydovchi J.Sayitovga nisbatan maʼmuriy bayonnoma rasmiylashtirib, avtomashinani Navoiy shahridagi jarima maydonchasiga olib kelgan.

Bundan xabar topgan haydovchi J.Sayitovning 44 yoshli otasi Аlisher Hayitov jarima maydonchasiga mast holatda kelib, inspektor tomonidan avtomashina jarima maydonchasiga qoʼyilishiga faol qarshilik koʼrsatgan. Soʼng uni haqoratlab, unga qoʼl koʼtargan va tan jarohati yetkazgan. Natijada jiddiy jarohat olib, RShTYoIM Navoiy filialiga olib borilgan. Hozirda unga tibbiy yordam koʼrsatilmoqda. Mazkur holat yuzasidan Navoiy shahar prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshirish harakatlari olib borilmoqda.

Oʼz oʼrnida fuqarolarimizga bu kabi harakatlar qonunbuzarlik holati ekanligini eslatish bilan birga, har qanday kelishmovchilik va eʼtirozlarini tartib buzarlikka qoʼl urmay, qonuniy yoʼl bilan hal etishga eʼtibor qaratishlarini soʼrab qolamiz.

Oʼzbekiston Respublikasi IIV Jamoatchilik va OАV bilan aloqalar boshqarmasi

FIKR BILDIRING

Iltimos, sharhingizni kiriting!
Iltimos, ismingizni bu yerga kiriting