Advokat faoliyatiga to‘sqinlik qilgan MIB xodimi javobgarlikka tortildi.

329
Advokat faoliyatiga to‘sqinlik qilgan MIB xodimi javobgarlikka tortildi

Advokatning MIB binosiga kirishini taqiqlab, ham uning, ham u himoya qilayotgan  fuqaroning huquqlariga daxl qilgan Rustam Ahadqulov o‘z rahbariyati tomonidan intizomiy, sud tomonidan esa ma’muriy javobgarlikka tortildi, deb yozmoqda «Advokat» jurnali muxbiri Xonbibi Himmait qizi.

Bosh prokuratura huzuridagi Majburiy ijro byurosining Ishtixon tumani bo‘limi tomonidan «tabiiy gazdan noqonuniy foydalangan» ayblovi bilan o‘ziga nisbatan ma’muriy ish ochilgach, fuqaro S. o‘z huquqlarini himoya qilish uchun advokat N.Daminov bilan shartnoma imzolagan. Biroq ishni yuritayotgan MIB Ishtixon tuman surishtiruvchisi R.Ahadqulov advokatni qabul qilishni rad etib, uning hatto MIB binosiga kirishini ham taqiqlab qo‘yadi. O‘z navbatida, fuqaro S.ga ham bosim o‘tkazib, huzuriga advokatsiz, faqat o‘zi kelishini talab qiladi. Bu bilan esa u bir tomondan advokatning kasbiy faoliyatini amalga oshirishiga to‘g‘anoq bo‘lgan, ikkinchi tomondan esa fuqaroni yuridik yordam olish huquqidan mahrum etgan edi.

Advokat N.Daminov surishtiruvchining protsessual qonun normalariga bu qadar bepisandligini «hazm qilolmadi» – uning g‘ayrihuquqiy xatti-harakatlari to‘g‘risida MIB Samarqand viloyati boshqarmasi boshlig‘iga ariza yozdi, shuningdek, MJtKning 283-moddasi 5-qismida nazarda tutilgan tartibda sudga ham murojaat qildi.

Shu o‘rinda MIB o‘z xodimining nomatlub ishlariga tezkorlik bilan va tegishlicha munosabat bildirganini aytib o‘tish joiz. Zero, advokat N.Daminovga yuborilgan javob xatidan ma’lum bo‘lishicha, surishtiruvchi R.Ahadqulovning qilmishlari Boshqarma boshlig‘i huzurida o‘tkazilgan tezkor yig‘ilishda (2019-yil 6-mart) chig‘iriqdan o‘tkazilgan. Natijada esa bu surishtiruvchining advokat faoliyatiga g‘ov bo‘lishdan tashqari, ish yuritish qoidalari va ijro talablariga ham rioya qilmagani ma’lum oshkor bo‘ladi… Natijada unga nisbatan intizomiy jazo – o‘rtacha oylik ish haqining 30 foizi miqdorida jarima qo‘llash to‘g‘risida buyruq chiqariladi. Uning bevosita rahbari, ya’ni tuman MIB boshlig‘i esa «hayfsan» oladi.

Ma’muriy sud esa uni O‘zbekiston Respublikasi MJtKning 1971-moddasi («Advokatning professional faoliyatiga to‘sqinlik qilish»)da nazarda tutilgan huquqbuzarlikni sodir etgan deb topib,  eng kam ish haqining ikki baravari miqdorida, ya’ni 405.460 so‘m jarima tayinladi.

FIKR BILDIRING

Iltimos, sharhingizni kiriting!
Iltimos, ismingizni bu yerga kiriting