«Sochini ham olib tashla» — «Malika» bozorida fuqarolarning soqoli majburan olib tashlandi.

78
«Sochini ham olib tashla» — «Malika» bozorida fuqarolarning soqoli majburan olib tashlandi

Foto: Facebook

Ichki ishlar organlari xodimlari «Malika» bozorida soqoli bor fuqaro bilan «suhbat» o‘tkazdi va soqoli majburan olib tashlandi. Bu haqda Jamoliddin Muhammadjon ismli Facebook foydalanuvchisi ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida ma’lumot berib o‘tgan.

«Bugun «Malika» bozoridan chiqishda formalik hodimlar o‘zlarini tanishtirmasdan «4-gom» degan yerga olib borishdi. Kirishda uzun navbat, hamma soqolli. Demak, soqol bo‘yicha gaplashamiz, deb o‘yladim.

Ichkarida yana navbat. Bu yerda ma’lumot olinib, suratga tushirilyapti. Men ham tushdim. Keyingi xonada «suhbat».

U yerda soqolimni o‘sha yerning o‘zida oldirishga MAJBUR ekanimni aytishdi, tabiiyki bunga ko‘nmadim. O‘zini tanishtirishdan bosh tortgan navbatdagi (bu oddiy holatga aylanib bo‘ldi) kishi soqolimni oldirmasdan, bu yerdan chiqib ketolmasligimni aytdi.

Qonunlarda «soqol o‘stirish mumkin emas», degan yeri bo‘lsa ko‘rsating, unga so‘zsiz itoat qilaman, dedim. Lekin ular bunday qonun yo hujjat ko‘rsatishmadi. Endi ham rozi bo‘lmaganim sababli,«organ hodimining qonuniy talabini bajarmaslik» deya so‘zini davom etayotgan kishi, «soqolni oldirib, keyin qayoqqa xohlasangiz o‘sha yoqqa shikoyat qilishingiz mumkin», dedi.

Orada gaplar ko‘p bo‘ldi, alam qilgani, soqolimni oldirib ham, asr namozi vaqti chiqib ketayotganini aytsam ham, sababini tushuntirmasdan ushlab turishdi. Soqolimni olayotgan sartarosh yigitcha bunga majbur bo‘lganini, o‘z xohishi bilan qilmayotganini aytdi. Uni tushundim.

Soqolimni olayotganlarida mazah qilib «sochini ham olib tashla», dedi eshik oldida turgan bir kishi. Orada «ekspert» bilan suhbatlashdik, u kishi ham asr namozini men bilan masjidda o‘qidi. Kun botib bo‘lgan edi.

Bo‘lib o‘tgan ishga Ichki Ishlar Bosh Boshqarmasi oydinlik kiritishini talab qilaman», — deya yozadi foydalanuvchi.

FIKR BILDIRING

Iltimos, sharhingizni kiriting!
Iltimos, ismingizni bu yerga kiriting