Milliy bank «Xabar.uz»da e’lon qilingan xabarga munosabat bildirdi

115

2019-yil 29-iyulda Xabar.uz axborot-tahliliy portalida e’lon qilingan «Banklar pulimizni bermayapti. Aholiga qo‘y va qoramol tarqatgan tadbirkorlar bankrotlik yoqasida» sarlavhali maqolaga O‘zmilliybank munosabat bildirdi.

«O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 7-iyundagi PQ-3777-son «Har bir oila – tadbirkor» dasturini amalga oshirish to‘g‘risida»gi Qarori va 2019 yil 7 martdagi PQ-4231-sonli «Hududlarda aholini tadbirkorlikka keng jalb qilish va oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi Qarori bo‘yicha O‘zmilliybank tomonidan imtiyozli kreditlar ajratilmoqda.

Jumladan, 2019-yil 30-iyul holatiga O‘zmilliybank tomonidan Qashqadaryo viloyatidagi jami 1852 nafar aholiga hamda tadbirkorlik sub’yektlariga 22 165,76 mln. so‘m miqdoridagi kredit mablag‘lari ajratildi. Xususan, G‘uzor tumanining o‘ziga 425 nafar fuqaroga 5 391,3 mln. so‘mlik kredit mablag‘lari ajratilgan.

O‘zmilliybank tomonidan mazkur dastur bo‘yicha loyihalarni moliyalashtirish ishlari davom ettirib kelinmoqda.

Shuni alohida ta’kidlash lozimki, «Har bir oila – tadbirkor» dasturi doirasida kredit ajratishda fuqarolar taqdim qilingan ro‘yxat ichidan ta’minotchilarni erkin tarzda tanlash va ular bilan shartnoma tuzish huquqiga ega.

Maqolada yoritilgan holat bo‘yicha mas’ul xodimlar tomonidan tegishli ishlar olib borilmoqda va keltirib o‘tilgan Dastur bo‘yicha kredit olish rejasi bo‘lgan fuqarolarning bankimiz filialiga murojaat qilishlari mumkinligini ma’lum qilamiz», — deyiladi munosabatda.

FIKR BILDIRING

Iltimos, sharhingizni kiriting!
Iltimos, ismingizni bu yerga kiriting