Oliy sud raisi o‘rinbosari: «Dod devorging keladi ba’zan!..»

117

O‘tgan hafta O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudida bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida mazkur mahkama raisi o‘rinbosari Xolmo‘min Yodgorov ikkita achchiq haqiqatni tan oldi.

Birinchisi — uzoq yillar Oliy sud eshikni «ichkaridan berkitib» ishlagani rost. Rahbariyat har oyda faqat bir kun fuqarolarni qabul qilardi, xolos. Shundayam qabulga kelganlarning hammasiga «tirik» rais yoki o‘rinbosarini ko‘rish saodati nasib etmasdi.

Hozir rahbariyat haftaning besh kunida fuqarolar qabuli bilan band bo‘lsa, shanba va yakshanba kunlari joylarga — sayyor qabullarga chiqmoqda. Demak, qabullar har kuni, dam olishsiz amalga oshirilmoqda. Buni e’tirof etmaslik insofdan bo‘lmaydi. Natijalar ham chakkimas. Biroq «eshikni ichkaridan berkitib» ishlash va boshqa omillar tizimda muammolarni shu darajada qalashib tashlabdiki, bunday og‘riqli merosdan qutulish uchun ikki-uch yil kamlik qilishiga ham ta’kid shartday…

Oliy sud raisi o‘rinbosari aytgan ikkinchi haqiqatki, bu sudlarda bekor qilinayotgan nikohlar soni: o‘tgan yili fuqarolik sudlarida 11153ta nikoh bekor qilingan! Bu — nizo sudgacha yetib, tomonlar berilgan muddat, mahallaning aralashuvi va boshqa choralar kor qilmagandan keyin hosil bo‘lgan raqam. Holat jiddiy va tashvishlimi? Ha. Oddiy arifmetik hisob: nikohi bekor qilingan har bir oilada bittadan farzand bo‘lsa — 11153 nafar, agar ikki nafardan farzand bo‘lsa, 22306 bola tirik yetim bo‘ldi, degani bu!

Ajralishgacha borib yetayotgan oilaviy nizolarning hammasini jiddiy deb bo‘lmasligi ma’lum. Aksariyatining zamirida oilaviy-maishiy muammolar yotadi. Bular endi alohida mavzu.

Parokandalikka yuz tutgan oiladagi murg‘ak bolalarning keyingi taqdiri-chi?

Bu endi katta tashvish.

Shular haqida gapirar ekan, X.Yodgorov quyidagilarni qayd etib o‘tdi: «…Viloyatlardagi sayyor qabullardan vaqt orttirib, bir necha Mehribonlik uylarida bo‘ldik. Sharoitlariga gap bo‘lishi mumkinmas. Biroq u yerdagi aksariyat tarbiyalanuvchilarning ota-onasi bor. Ammo ajrashgan. Tartibga ko‘ra, ota-onasi bor bolalar Mehribonlik uylarida bir yil qolishi mumkin, xolos. Farzandi Mehribonlik uyining «to‘laqonli tarbiyalanuvchisi»ga aylanishi uchun ayrim onalar nima qilishmoqda deng? Sud orqali o‘zlarini onalik huquqidan mahrum etishmoqda! Chunki, sobiq erdan najot yo‘q, onaning maishati tang. Birdan bir chora — farzandini «detdom»ga topshirish. O‘zini onalik huquqidan mahrum etvolsa, bolasi Mehribonlik uyida bemalol yuraveradi… Bundaylarni ko‘rib, «dod» devorging keladi, rosti!».

Mulozim kuyib-pishib gapirar ekan, bu bilan ko‘pgina oilalardagi axloqiy-ma’naviy qadriyatlar ahvolini bayon qilish barobarida tadbirda ommaviy axborot vositalari e’tiboriga havola etilgan bir emas, ikkita «Ota» va «Farzand — omonat» qisqa metrajli filmni tasvirga olinishi sabablarini bevosita aytayotgandi. Ikkala film ham Oliy sud tashabbusi bilan suratga olingan. Undagi voqealar to‘qima emas, real hayot aks etgan. Sayyor qabullar jarayonida ajralish ostonasida turgan oilalarni yig‘ib, avvaliga shu filmlar ko‘rsatilmoqda. Shundan so‘ng asosiy masalaga o‘tiladi: shu kerakmi sizlarga?

FIKR BILDIRING

Iltimos, sharhingizni kiriting!
Iltimos, ismingizni bu yerga kiriting